Yangi loyihani boshlash: birinchi promptga nima yozilishi kerak
Loyihaning butun holatini bitta promptda tushuntirish shabloni — keyingi 20 ta xabarni tejaydi.
Yangi loyihada eng koʻp vaqt birinchi 15 daqiqada yoʻqoladi: model taxmin qiladi, siz tuzatasiz, u yana taxmin qiladi. Sababi oddiy — u sizning boshingizdagi rasmni koʻrmaydi.
Yechim: birinchi promptni loyiha brifi sifatida yozish. Uzun boʻladi, lekin bir marta yoziladi va keyingi oʻnlab xabarni tejaydi.
Brifda nima boʻlishi kerak
Yetti qism. Har biri bitta-ikkita jumla — esse yozish shart emas.
- Nima quramiz — bir jumlada, foydalanuvchi tilida
- Kim uchun — auditoriya va ular hal qiladigan muammo
- Stack — versiyalari bilan; «yangi versiyasi» degani yetarli emas
- Nima bor — mavjud kod, baza, dizayn; noldan boshlanayotgan boʻlsa shuni ayting
- Cheklovlar — nimani ishlatmaslik kerak, byudjet, muddat, hosting
- Muvaffaqiyat mezoni — nima ishlaganda vazifa bajarilgan hisoblanadi
- Birinchi qadam — hoziroq nima kerak: reja, skelet yoki bitta funksiya
Tayyor shablon
LOYIHA BRIFI Nima quramiz: [bir jumla] Kim uchun: [auditoriya] — ular hozir [muammo] bilan qiynaladi Stack: [Next.js 16, TypeScript, Postgres, Tailwind v4] Hozir nima bor: [noldan / mavjud repo: qisqacha tuzilma] Cheklovlar: - [oʻz VPS, Docker ishlatmaymiz] - [tashqi toʻlov xizmatlari yoʻq] - [muddat: 2 hafta] Muvaffaqiyat mezoni: [foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtib, birinchi yozuvini chop eta oladi] Birinchi qadam: kod yozma. Avval quyidagilarni ber: 1. Ish rejasi — bosqichlar va har birining natijasi 2. Fayl tuzilmasi — nima qayerda turadi 3. Menga savol berishing kerak boʻlgan 3 ta noaniq joy Rejani tasdiqlaganimdan keyin kod yozamiz.prompt
Oxirgi qism eng muhimi: «kod yozma». Model odatda darrov kod yozishga tushadi, keyin siz uni butunlay tashlaysiz. Rejani avval koʻrish arzonroq.
Nega «3 ta noaniq joy» soʻraladi
Bu savol modelni oʻz taxminlarini ochiq aytishga majbur qiladi. Odatda javobda siz oʻylamagan narsalar chiqadi: «kim moderatsiya qiladi?», «rasm qayerda saqlanadi?», «bir foydalanuvchi bir nechta yozuvni tahrirlay oladimi?».
Shu uchta savolga javob berish — bir kunlik qayta yozishdan arzon.
Rejadan keyin
Reja tasdiqlangach, uni faylga yozib qoʻying:
Rejani REJA.md fayliga yoz. Har bir bosqich uchun: - nima qilinadi - qaysi fayllar tegadi - bajarilgani qanday tekshiriladi Keyin 1-bosqichdan boshlaymiz.prompt
Shundan keyin har bir yangi suhbatda «REJA.md ni oʻqi, 3-bosqichdan davom etamiz» deb yozish kifoya. Butun kontekstni qaytadan tushuntirish shart emas.
Oʻlchangan natija
Ikkita oʻxshash loyihada solishtirdim:
| Yondashuv | Birinchi ishlaydigan versiyagacha |
|---|---|
| «Menga shunday sayt kerak» + tuzatishlar | ~40 ta xabar |
| Brif + reja + REJA.md | ~18 ta xabar |
Qachon shart emas
Bitta funksiya yoki kichik tuzatish uchun brif ortiqcha. U kamida bir necha kunlik ish boʻladigan loyihalar uchun foydali.
Chop etilgan: 29-avgust, 2026