Asosiy mazmunga oʻtish
Prompting.Life
p-life
ClaudeFayllar

Markdown fayllar bilan ishlash: kontekstni fayllarda saqlash

Uzun tushuntirishlarni har suhbatda qayta yozish oʻrniga md faylga yozib, model oʻqib olishiga qoldirish.

Uzun suhbatlarda bir xil narsa takrorlanadi: loyiha nima haqida, qanday qoidalar bor, qayerda nima turadi. Har safar qayta yozasiz — har safar toʻlaysiz.

Markdown fayllar shu muammoni hal qiladi: kontekst diskda yotadi, model kerak boʻlganda oʻzi oʻqiydi.

Qaysi fayllar foydali

Fayl Nima yoziladi Qachon oʻqiladi
CLAUDE.md / AGENTS.md loyiha qoidalari, stack, uslub har suhbatda avtomatik
REJA.md bosqichlar va holat «rejani oʻqi» deganingizda
docs/*.md qaror sabablari, arxitektura kerakli mavzuda
SKILL.md takrorlanadigan ish tartibi skill chaqirilganda

Eng katta foyda birinchi qatordan: CLAUDE.md bir marta yoziladi, keyin har bir yangi suhbat uni oʻzi koʻradi.

Nima yozish kerak

Faqat kodning oʻzidan koʻrinmaydigan narsalar. Fayllar roʻyxatini yozish shart emas — model uni oʻzi koʻradi.

# Loyiha qoidalari

## Stack
Next.js 16 (App Router), TypeScript, Drizzle + Postgres, Tailwind v4.
Lokalda SQLite ishlatiladi — `DATABASE_URL=file:...` boʻlsa avtomatik.

## Uslub
- Oʻzgaruvchi va funksiya nomlari oʻzbekcha
- Rang faqat CSS oʻzgaruvchilari orqali, `bg-green-500` ishlatilmaydi
- Emoji ishlatilmaydi — lucide ikonkalari

## Ehtiyot boʻlish kerak
- `drizzle-kit push` SQLite'da jadvalni qayta yaratadi — avval zaxira oling
- Sxema ikki dialektda: `schema.pg.ts` va `schema.sqlite.ts` — ikkalasini ham yangilang

Uch narsa: stack, uslub, tuzoqlar. Shu yetadi.

Modelga md yozdirish

Teskari yoʻnalish ham ishlaydi: uzun muloqotdan keyin natijani faylga yozdirib qoʻying.

Bugungi suhbatda qabul qilingan qarorlarni docs/qarorlar.md fayliga yoz.

Har bir qaror uchun:
- qaror nima
- nega shunday tanlandi (qisqa)
- qaysi variantlar rad etildi va nega

Kodni tushuntirma — faqat qarorlar va sabablar.
prompt

Keyingi haftada «nega Postgres emas?» degan savol chiqqanda javob faylda tayyor turadi.

Uzun suhbatni yopish usuli

Suhbat 40 xabardan oshganda sifat pasayadi va har bir yangi savol butun tarixni qayta yuboradi. Shunday qilaman:

Suhbatni yopamiz. Quyidagini md formatida ber:

1. Nima qilindi (bajarilgan ishlar roʻyxati)
2. Qayerda toʻxtadik
3. Keyingi qadam
4. Ochiq savollar

Buni ISH-HOLATI.md ga yozib qoʻy.
prompt

Keyin yangi suhbat ochib, «ISH-HOLATI.md ni oʻqi va 3-punktdan davom et» deb yozasiz. Kontekst toza, tarix qisqa.

Oʻlchangan natija

Yondashuv Bitta soʻrovdagi kontekst
45 xabarli uzun suhbat ~52 000 token
Yangi suhbat + ISH-HOLATI.md ~6 000 token

Kichik maslahatlar

  • Sarlavhalardan foydalaning. Model ## Uslub boʻlimini butun fayldan tezroq topadi.
  • Faylni qisqa tuting. CLAUDE.md 100 qatordan oshsa, uni boʻlimlarga ajrating.
  • Eskirgan qatorlarni oʻchiring. Notoʻgʻri hujjat hujjatsizlikdan yomonroq — model unga ishonadi.

Qachon ishlamaydi

Tez oʻzgaradigan maʼlumot (joriy holat, bugungi raqamlar) uchun md fayl yaramaydi — u eskirib qoladi va model eski maʼlumotga tayanadi. Bunday narsalarni suhbatning oʻzida bering.

Chop etilgan: 29-avgust, 2026